Buxoro filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga berilayotgan imkoniyatlar bank-moliya tizimini takomillashtirishga asos bo‘lmoqda.
Buxoro shahrining Bog‘ishamol ko‘chasida zamonaviy va milliy arxitektura talablariga to‘liq javob beradigan “ Trastbank ” xususiy aksiyadorlik banki Buxoro filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Mazkur o‘zgarishlar davlatimiz rahbarining 16-17-fevral kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan topshiriqlari, shuningdek, 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 3620-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilgan o‘zgarishlarning asosiy omili – bank tizimini rivojlantirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining o‘sishi, hududlarda banklar tarmog‘ining kengayishi, jumladan, har bir sohada keng ko‘lamli transformatsiya dasturining amalga oshirilishidir.
Ochilish marosimida hokimi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari, bank va moliya muassasalari vakillari, tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari, bino qurilishida bevosita ishtirok etgan quruvchilar va filial xodimlari ishtirok etdi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan tumani hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorov viloyatda xususiy bank filialining ochilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratish, yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

An’anaga ko‘ra gulduros qarsaklar ostida lentalar kesilib, Buxoro filiali rahbariga binoning ramziy kaliti topshirildi. Filial binosiga kirib borgan tadbir ishtirokchilari bank mijozlari va xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Mazkur bank filiali Bog‘ishamol ko‘chasi 2/1-uy manzilida joylashgan . Mazkur filialda innovatsion texnologiyalar asosida zamonaviy bank xizmatlari joriy etilishi “Bank – mijoz” tamoyilini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.